TSMRI Biznes va turizmni rivojlantirish bo‘limi Parkent tumanidagi turizm obyektlariga tashrif buyurdi

24.11.2025

Joriy yilning 21-noyabr sanasida Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining Biznes va turizmni rivojlantirish bo‘limi xodimlari Parkent tumanining Kumushkon mahallasida joylashgan “Sayyoh 2000” mehmon uyiga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida mehmon uyining infratuzilmasi, xizmat ko‘rsatish jarayonlari va turizm salohiyati bilan yaqindan tanishildi.

Shu bilan birga delegatsiya “Edelweiss Hotel and Resort” majmuasiga ham bordi. Mazkur maskan kelajakda TSMRI talabalari uchun amaliyot o‘tashga juda qulay sharoitlarga ega ekanligiga guvoh bo`lib, Parkent tumanida o`tkaziladigan navbatdagi o`quv tadbirini aynan shu maskanda o`tkazilishi kelishib olindi.

Tashrifning navbatdagi manzili 5500 gektar maydonga ega bo`lgan «Oltin bel» cho‘qqisidagi tog‘-chang‘i kurorti bo‘ldi. Ushbu obyektning imkoniyatlari o‘rganilib, bosqichma-bosqich yoritib borish va hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish rejalashtirildi.

Ushbu tashrif hududiy turizm obyektlari bilan aloqalarni mustahkamlash hamda talabalar uchun amaliy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Recommended