Joriy yilning 8-aprel kuni Angren shahar 4-son texnikumi vakillari Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga (TSMRI) tashrif buyurishdi. Tashrif davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi va bir qator amaliy ishlar amalga oshirildi.
Xususan, TSMRI hamda Angren shahar 4-son texnikumi o‘rtasida tuzilgan memorandum doirasida texnikumda Turizm fakultetini tashkil etish va xorijiy ta’lim dasturlari asosida o‘qitish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar mustahkamlandi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida ta’lim va turizm yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun TSMRI bazasida bakalavr, magistratura, PhD hamda doktorlik dissertatsiyalarini tayyorlash va himoya qilish jarayonlarida amaliy yordam ko‘rsatish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ushbu tashabbuslar hududda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tashrif doirasida mehmonlar uchun TSMRI kampusi bo‘ylab tanishtiruv (campus tour) tashkil etildi. Unda zamonaviy o‘quv infratuzilmasi, ta’lim jarayonlari va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.
Ta'kidlash joiz, mazkur tashrif ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro standartlarga mos ta’limni rivojlantirish hamda turizm sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.