Joriy yilning 18-aprel kuni Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti va O‘zbekiston ishbilarmon ayollar xalqaro assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda yuqori darajadagi xalqaro “Innovator ayollar: zamonaviy dunyoda turizm va texnologiya” mavzusidagi ilmiy amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyani kirish so‘zi bilan TSMRI rektori I.Mamatkulov, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari D.Toshmuhamedova, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti rahbari E.Golisheva so‘zga chiqdilar. Tadbirni O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi o‘rinbosari N.Yakubova olib bordi.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad ilmiy-nazariy va amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, xususan, bugungi kunda mamlakatimiz uchun dolzarb bo‘lgan masala – respublikamiz aholisining turli yoshdagi ayollar qismini tadbirkorlik sohasida, o'z biznesini yuritishda, jumladan, turizm va IT xizmatlarini ko'rsatish sohasida keng jalb etish masalalarini hal etishdan iborat bo‘ldi. Anjumanda asosiy ma’ruzachilar sifatida O‘zbekiston ishbilarmon ayollari uyushmasi vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, tajribali mutaxassislar, turizm va mehmondo‘stlik sohasidagi ekspertlar, davlat idoralari vakillari, mamlakatimizning yetakchi IT-kompaniyalari, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari, yosh olimlar hamda xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi.
Shuningdek, xalqaro konferensiya ishtirokchilari va ma’ruzachilariga sertifikat va esdalik sovg‘alarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.