Joriy yilning 1 noyabr kuni Toshkentdagi Singapur Menejmentni Rivojlantirish Instituti (MDIST) talabalari uchun “Biznes va turizmni rivojlantirish innovatsion markazi” tashabbusi bilan Buxoro shahriga o‘quv-amaliy sayohat tashkil etildi. Sayohat avtobus orqali amalga oshirildi. Dastur doirasida talabalar Buxoroning butun jahoni YUNESKO tarixiy va madaniy maskanlariga — Amir Arki, Labi Hovuz, Eski shahar hamda Sitorai Moxi xossa majmualariga tashrif buyurishdi.
Ma’lumot uchun: Amir Ark — Buxoro shahrining eng qadimiy tarixiy yodgorliklaridan biri bo‘lib, u asrlar davomida Buxoro amirlarining qarorgohi bo‘lgan. Ark miloddan avvalgi IV asrlarda qurilgan deb taxmin qilinadi. Uning hududi devorlar bilan o‘ralgan bo‘lib, ichida amir saroyi, hukumat binolari, masjid, xazina, zindon va boshqa inshootlar joylashgan. Qiziqarli jihati: Arkdan Buxoro shahri butunlay ko‘rinib turadi. XIX asr oxirigacha Buxoro davlat boshqaruvining markazi sifatida xizmat qilgan.
“Sitorai Moxi xossa” (“Sevimli yulduz va oy nuridek go‘zal”) Buxoro amirlarining yozgi saroyi bo‘lib, shahardan taxminan 4–5 km uzoqlikda joylashgan. Saroy XIX asr oxirida amir Abdulahadxon va uning o‘g‘li amir Olimxon davrida qurilgan. Uning me’morligida Sharq va Yevropa uslublari uyg‘unlashgan — ichki bezaklarda milliy naqshlar, vitraj oyna va ayvonlar juda go‘zal tarzda ishlangan. Qiziqarli jihati: Saroyda maxsus oyna zali bor — u yerdagi devor va shiftlar oyna va kristall bilan bezatilgan bo‘lib, yorug‘lik tushganda butun zal yulduzlar kabi yonib ketadi.
Shuningdek, talabalar Buxoro biennalesi tadbirida ham faol ishtirok etishdi. Mazkur biennale Buxoroda ilk bor o‘tkazilayotgan shunday miqyosdagi zamonaviy san’at tadbiri bo‘lib, Markaziy Osiyodagi eng yirik va rang-barang san’at tashabbuslaridan biri sifatida e’tirof etiladi.
Safar davomida talabalar O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi, ichki turizm salohiyati, hamda zamonaviy san’at yo‘nalishidagi yangi tashabbuslar haqida chuqur ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Ushbu o‘quv-amaliy sayohat talabalarning kasbiy bilimini boyitish, ichki turizmni targ‘ib etish hamda yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlar va zamonaviy madaniyatni uyg‘un rivojlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.
Xulosa sifatida, mazkur tashabbus institutimiz talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish, turizm sohasi bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ichki turizm rivojiga hissa qo‘shish maqsadida muvaffaqiyatli amalga oshirildi.