Joriy yilning 3 dekabr kuni Toshkent viloyati Parkent tumani hokimligi va Toshkentdagi Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti (TSMRI)ning Biznes va turizmni rivojlantirish Innovatsion markazi va talabalar guruhidan tashkil topgan “Charity Club” klubi hamkorligida Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Parkent tumanidagi Navro‘z to‘yxonasida 300 kishilik xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir doirasida mehr-shafqat, e’tibor va qo‘llab-quvvatlash hissi ustuvor bo‘lib, davra suhbatlari, dil izhorlari va samimiy muloqotlar orqali ijobiy ruh shakllandi. Shuningdek, tashabbus doirasida TSMRIning xodim va talaba-yoshlari imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun institutning maxsus sovg‘alarini taqdim etdilar. Tadbirda ishtirok etgan nogironlarning ta’kidlashicha, bunday tashabbuslar nafaqat nogironlarga bo‘lgan e’tibor, balki insonlar o‘rtasida bag‘rikenglik va hamjihatlik qadriyatlarini yanada mustahkamlaydi.
Mazkur tadbirni har yili TSMRI va Parkent tumani hokimligi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazishga kelishib olindi.